Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi
O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida din va ta’lim sohasida muayyan tartib va qonun-qoidalariga ega. Mamlakatda diniy ta’lim berish huquqiy asoslar orqali tartibga solingan bo‘lib, mazkur jarayon davlat tomonidan tasdiqlangan muassasalarda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, dinning noto‘g‘ri talqini va turli xil radikal oqimlarning tarqalishi, ayniqsa noqonuniy diniy ta’lim berish orqali jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘diradi.
Odatda noqonuniy diniy ta’lim asosan diniy fanlar bo‘yicha ma’lumoti yetarli bo‘lmagan shaxslar tomonidan berilib, ular jamiyatda turli xil qarama-qarshiliklarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, noqonuniy diniy ta’lim ko‘pincha radikal g‘oyalarning tarqalishiga xizmat qilib, ekstremizm va terrorizm kabi xavfli oqimlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu kabi jarayonlar jamiyatda nizolar, murosasizlik holatlarini kuchaytiradi, natijada mavjud barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumki, yoshlar jamiyatda faol, ammo hayotiy tajribasi kam bo‘lgan aholi qatlamidir. O‘z navbatida, yoshlar noqonuniy diniy ta’limga ham tez beriluvchan toifa sanaladi. Jamiyatda noqonuniy diniy ta’lim bo‘yicha “takliflar” ortib borgani sayin, yoshlarning turli xil manbalar orqali taqdim etilgan yolg‘on ma’lumotlarga ishonish xavfi ortib boradi. Bu esa ular o‘rtasida diniy oqimlar yoki aqidaviy radikalizmga berilish xavfini kuchaytiradi. Natijada salbiy mafkuraviy ta’sirlarga uchrab, jamiyatda buzg‘unchilik rolini bajarib berish darajasi ham ortadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudining tergov sudyasi P.Mamatusmonov tomonidan Rishton tumani “Markaz” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unda huquqbuzar Sh.Abdusalomovaga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, u 2025 yil 7 iyul kuni Rishton tuman IIB JXX XPB va IIB TQKG xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida Rishton tuman, Xurramobod MFY, Mustaqillik ko‘chasida, ya’ni o‘zining yashash xonadonida bir nechta voyaga yetmagan shaxslarga hech qanday ma’lumoti va ruxsati bo‘lmagan holda diniy ta’limotdan saboq berib kelayotganligi aniqlangan. Unga tegishli bo‘lgan diniy kitoblar daliliy ashyo tariqasida olingan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 241-moddasida maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shu kabi xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Huquqbuzar Sh.A.ga nisbatan yuqoridagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ish ko‘rib chiqilib, uning aybiga iqrorligi, qilgan ishidan pushaymonligi, ayol kishi ekanligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi hamda huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfli oqibatlarini inobatga olib, unga moddada nazarda tutilgan jarima jazosi tayinlandi.
O‘z navbatida, noqonuniy diniy ta’lim berish nafaqat diniy soha, balki jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga ham jiddiy tahdid tug‘diradi. Noqonuniy shakldagi diniy ta’lim yoshlar ongiga salbiy ta’sir qilib, ularning turli xil radikal oqimlar safiga qo‘shilib qolishlariga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirib, jamiyat barqarorligi va diniy bag‘rikenglikka putur yetkazadi. Shu sababli, noqonuniy diniy ta’limning oldini olish uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi, huquqiy choralarni kuchaytirishi lozim.
P.Mamatusmonov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tumani sudining tergov sudyasi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Muhsinxo‘ja Abdurahmonov — Yaponiya va Fiji orasidagi diplomatik ko‘prik

Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqovning Xitoy safari taassurotlari


Muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar

Rishton tumanida Do‘stlik kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi