Rasmiy munosabat

Kun.uz saytida e’lon qilingan “Hokimlar va’dasiga ishonib sarson bo‘ldik” – Rishtonda tadbirkorlar buyum bozorini tiklab berishlarini so‘ramoqda sarlavhali maqola yuzasidan Rishton tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ma’lumki, Rishton tumanidagi buyum bozori 2015–2016 yillarga qadar faoliyat yuritgan yirik bozorlardan biri hisoblangan. Ayni vaqtda mazkur bozor haftasiga faqat bir kun ishlamoqda bo‘lib, ajratilgan yer maydonidan to‘liq va samarali foydalanilmayapti.
Mazkur holatni inobatga olgan holda tuman hokimi Bahodir Xoliqov tomonidan bozor hududida savdo-sotiq faoliyatini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Shu maqsadda bozor hududida do‘kon qurgan mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ular bilan ochiq muloqot va muzokaralar olib borilmoqda.
Tuman hokimligi tomonidan ta’kidlanishicha, agar mahalliy tadbirkorlar tomonidan aniq tashabbus va loyiha takliflari bildirilsa, aholi uchun qulay, zamonaviy va doimiy ishlaydigan savdo majmuasini tashkil etishda, avvalo, mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlik qilinadi.
Shuningdek, 2011-yilda tadbirkorlar tomonidan bozor hududini obodonlashtirish ishlari uchun mablag‘lar to‘langani haqidagi ma’lumotlar o‘rganilmoqda. Ushbu masaladagi moliyaviy munosabatlar investor ishtirokida qonunchilik doirasida hal etiladi.
Agar mazkur hududda investor tomonidan savdo majmuasi, ishlab chiqarish obyekti yoki boshqa loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilsa, mavjud do‘kon egalari manfaatlari inobatga olingan holda, ular bilan kelishuv ishlari olib boriladi.
Rishton tumani hokimligi tomonidan aholi va tadbirkorlar uchun qulay, zamonaviy va barqaror savdo muhitini yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lib, mazkur masala yuzasidan tadbirkorlar bilan muloqotlar izchil davom ettirilmoqda.
Rishton tumani hokimligi axborot xizmati
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!







