RISHTONDA TURKIY XALQLAR HUNARMANDCHILIGI FORUMI O‘Z ISHINI BOSHLADI

×

 2023-05-13 14:25:29    220

PDF yuklash
Chop etish


Rishtondagi “Xalqaro kulolchilik markazi”da an’anaviy “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” mavzusidagi Xalqaro Forum o‘z ishini boshladi.
Respublikamiz barcha hududlaridan, Markaziy Osiyo davlatlaridan, Turkiya va Ozarbayjondan, shuningdek, Fransiya, Isroil, Chexiya va boshqa davlatlardan kelgan mohir usta kulollar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar ishtirokida o‘tkazilayotgan Forumni viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov ochib berdi. Ochilish tadbirida Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev ham so‘z oldi.
Tadbirda Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda qadimiy va boy an’analarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida ko‘p asrlik tarixga va an’analarga ega Rishton kulolchiligi ham zamon talablari asosida jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. So‘nggi yillarda Rishton kulolchiligi sanoat darajasiga chiqib, xorijga eksport ko‘lami hamda geografiyasi kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Rishton tumani kulolchilikda xalqaro aloqalarni ham yil sayin rivojlantirib borayotgani, noyob sopollari va koshinlik san’ati bilan dunyoga mashhur Italiyaning Deruta shahri, Yaponiyaning kulolchilik markazi Masiko shaharchasi, Turkiyaning chinnichilik hamda kulolchilik an’analari bilan mashhur Iznik tumani bilan hamkorlik o‘rnatilganiga e’tibor qaratildi.
Forum ochilish tadbirida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida nashr etilgan “An’anaviy Rishton kulolchiligi” kitob-albomi taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitob-albomning birinchi nusxasi mualliflar va kitob-albomga kiritilgan Rishtonning xalq ustalari dasxatlari bilan Farg‘ona viloyati hokimligiga topshirildi.
Forum o‘z ishini “Rishton kulolchiligi: Kecha, bugun, ertaga” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bilan davom ettiradi.


<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 16 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Matnda xatolik ko'rdingizmi?

Sichqoncha bilan belgilab