Muallim fidoyi va tashabbuskor boʼlishi kerak

×

 2022-09-28 05:55:40    250

PDF yuklash
Chop etish


Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ibratli ishlari bilan qadr topadi. Oramizda yana shunday insonlar borki, ular oʼz zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qoʼrini, butun mehrini baxshida etadi. Kasbiga boʼlgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat-eʼtibor topadi.Tumanimizdagi 26-umumiy oʼrta taʼlim maktabi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari Shahodatxon Mirazizova haqida soʼz ketganda shuurimizga beixtiyor yuqoridagi fikrlar keladi. Oʼz kasbining yetuk bilimdoni, yoshlarning jonkuyar ustozi, ularning kamoli uchun sidqidildan mehnat qilayotgan Sh. Mirazizovaning olib borayotgan ibratli faoliyati alohida eʼtirofga sazovor.1988 yilda Xoʼjand davlat pedagogika institutini tamomlab, mehnat faoliyatini 11-umumiy oʼrta taʼlim maktabida oʼqituvchilikdan boshlagan. Mana 34 yildirki, u kasbining yetuk mutaxassisi sifatida samarali mehnat qilib, oʼquvchilarga taʼlim va tarbiyadan saboq berib kelmoqda. Oʼtgan shu davr mobaynida minglab oʼquvchilarning puxta bilim olishi va kamol topishida uning xizmatlari katta boʼldi.Eʼtirof etish kerakki, Shahodat opa mehnat faoliyati davomida doim izlandi, oʼz ustida ishladi, oʼqidi, oʼrgandi. Ish jarayonida noanʼanaviy usullar, ilgʼor pedagogik texnologiyalar asosida dars oʼtishga alohida eʼtibor qaratdi, uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqdi. Bugun Sh. Mirazizova kasbining yetuk mutaxassisi, mohir va fidoyi oʼqituvchi, 3 nafar farzandni kamolga yetkazayotgan ibratli oila bekasi sifatida, qolaversa, tashabbuskor, intiluvchan va tashkilotchiligi bilan nafaqat hamkasblari, balki keng jamoatchilik orasida hurmat-eʼtibor topdi.Fidoyi, tinib-tinchimas ustoz oʼquvchilarga puxta bilim berish bilan birga ularni milliy qadriyatlarimiz, istiqlol gʼoyalariga, qadim tariximizga hurmat ruhida tarbiyalashga ham alohida eʼtibor qaratadi. – Bilimli, yuksak salohiyatli va barkamol avlodni tarbiyalash biz pedagoglarning zimmasidagi eng muhim vazifa, – deydi Sh. Mirazizova. – Аna shu vazifani bekamu koʼst ado etish uchun muallim fidoyi va tashabbuskor boʼlishi kerak.Darhaqiqat, har bir kasb, ayniqsa taʼlim sohasi fidoyilikni talab etadi. Kimki oʼz ishiga mehr qoʼyib mehnat qilsa, albatta, el-yurt orasida qadr topadi, shogirdlarining hurmat-eʼtirofiga sazovor boʼladi. Sh. Mirazizova ana shunday qadr va eʼtirof topa olgan fidoyi zamondoshlarimizdan biridir.

Maxpiratxon ISMАTOVА,
Mahbubaxon MАXSUDOVА.


<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 17 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Matnda xatolik ko'rdingizmi?

Sichqoncha bilan belgilab