Prezident topshirig‘i – amalda: Yoshlarga dehqonchilik qilish uchun unumdor yer maydonlari ajratib berilmoqda
2024-04-13 15:22:04 188
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashda yangi tizim yaratilgan bo‘lib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash hamda doimiy daromad manbaini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur qarorga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim joriy etiladi. Yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi.
Rishton tumanida ham mazkur qaror ijrosi doirasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan, mahallalardagi o‘rganishlar jarayonida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik qilish istagini bildirgan, yerga ehtiyoji bor yigit-qizlar ro‘yxati shakllantirildi.
Bugun “Quyi Avazboy” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan shu kabi yigit-qizlarga 20 sotixdan yer berildi.
Seminarda ishtirok etgan tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov yoshlarga berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mo‘l hosil olish va daromadni ko‘paytirish zarurligini, buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ta’kidladi.
Seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan yoshlarga ertangi ekinlar turlari, ularni ekish va parvarishlash agrotexnikasi haqida batafsil tushunchalar berildi.
Ta’kidlash joiz, ajratib berilgan yer maydonlari nafaqat yoshlar bandligini, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mo‘l-ko‘lligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi