Otalikni FHDYО organlari hamda sud orqali belgilashning oʼziga xos xususiyatlari
2024-10-31 14:54:04 86
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 77-moddasiga koʼra, ota-onalar va ularning oʼrnini bosuvchi shaxslar oʼz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʼlom, toʼlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʼamxoʼrlik qilishga majburdirlar.Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʼz ota-onasini bilish, ota-onasining gʼamxoʼrligidan foydalanish va ota-onasi bilan birga yashash huquqiga ega.Oila mustahkam boʼlsa, jamiyat ham osoyishta boʼladi. Oilalarda parokandalik boʼlsa, jamiyatning ham tinchi yoʼqoladi va tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtiyor jamiyat shakllanadi, shu davlatda yuksalish boʼladi. Chunki oʼzaro mehrli boʼlgan ota-onalarning farzandlari ham bir-biriga mehribon boʼladi. Oʼzbekiston Respublikasi Oila qonunchiligiga asosan bolaning onasi bilan nikohda boʼlmagan shaxsning otaligi oʼzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi. Ona vafot etganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qaerdaligini aniqlash imkoniyati boʼlmaganda yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda, otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda oʼzini bolaning otasi deb tan olayotgan shaxsning arizasiga binoan belgilanadi.Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʼlsa, otalikni belgilash toʼgʼrisidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin. Otalikni belgilash toʼgʼrisidagi ariza bolaning tugʼilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tugʼilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Аgar otalikni belgilash toʼgʼrisida bola tugʼilgandan soʼng er-xotin birgalikda ariza berishining imkoni boʼlmay qolishi yoki mushkul boʼlishini koʼrsatuvchi asoslar mavjud boʼlsa, tugʼilajak bolaning oʼzaro nikohda boʼlmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli. Otalikni belgilash rad etilganda, oʼzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs sud tartibida shikoyat qilishi mumkin. Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining yoki bolaning vasiysi (homiysi)ning yoxud bola kimning qaramogʼida boʼlsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning oʼzi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi. Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tugʼilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy roʼzgʼor yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud taʼminlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni eʼtiborga oladi. Bolaning onasi bilan nikohda boʼlmagan, lekin oʼzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin. Otalikni belgilash toʼgʼrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tugʼilganligi roʼyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.Xulosa oʼrnida shuni aytish mumkinki, oʼzaro nikohda boʼlmagan ota-onadan bola tugʼilganda, otalik onaning va oʼzini bolaning otasi deb tan olgan shaxsning birgalikdagi arizasiga muvofiq (bolaning onasi vafot etgan, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, uning yashash joyini aniqlash imkoni boʼlmagan yoki u onalik huquqidan mahrum etilgan hollarda — oʼzini bolaning otasi deb tan olgan shaxsning arizasiga muvofiq) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan belgilanadi.Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan otalikni belgilash rad etilganda, oʼz otaligini tan olgan shaxs tomonidan maʼmuriy sudga shikoyat berilishi mumkin.Oʼzaro nikohda boʼlmagan ota-onadan bola tugʼilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi boʼlmasa, Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 61-moddasida koʼrsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanadi.
M. Ibroximova,
Fuqarolik ishlari boʼyicha Rishton tumanlararo sudi sudyasi
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi