“YaShIL MАKON” LOYIHАSINING KUZGI MАVSUMIDА FАOL IShTIROK ETАYLIK!
2024-10-28 20:38:36 62
Аziz Yurtdoshlar!
Jonajon Oʼzbekistonimizning betakror tabiati, uning boy oʼsimlik va hayvonot olami, goʼzal bogʼ va xiyobonlari milliy boyligimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Bu neʼmatlarni ajdodlarimiz bir necha yuz yillar asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun ulkan meros qilib qoldirganlar.
Dono xalqimizda, “Umringdan bir kun qolsa ham koʼchat ek”, degan purhikmat naql bor. Ota-bobolarimizdan meros boʼlib qolgan milliy qadriyat va anʼanalarimizning ajralmas qismi boʼlmish daraxt ekish, bogʼu gulzorlar yaratish borasidagi goʼzal odatlarimiz bugungi kunda yangi maʼno-mazmun bilan boyib, keng miqyosda davom etmoqda.
Barchamiz uchun muqaddas beshik boʼlgan ona vatanimizning betakror tabiati, noyob oʼsimlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish, uni avlodlarimizga bezavol yetkazishda buyuk bunyodkorlik salohiyatimizni amalda koʼrsataylik!
Yerga nihol ekish, ularni parvarishlab yangi bogʼlarga aylanishi uchun eʼtibor va gʼamxoʼrlik koʼrsatishda shaxsiy namuna koʼrsataylik, tashabbuskor boʼlaylik!
Mamlakatimizning ayrim joylarida “Yashil makon” loyihasiga befarqlik bilan qaralayotgani oqibatida katta mablagʼ, moddiy va mehnat resurslari hisobiga ekilgan koʼchatlar qurib qolayotgani, daraxtzorlar payhon qilinayotgan holatlar ham afsuski tez-tez uchramoqda.
Ota-bobolarimizdan meros anʼana – oilada yangi farzand dunyoga kelganida unga atab, albatta, daraxt ekishni qayta tiklab, hayotimiz qoidasiga aylantirsak, ayni muddao boʼladi. Nikohdan oʼtayotgan yoshlarimiz mana shunday baxtli onlardan esdalik sifatida, yaxshi niyat bilan yerga nihol eksalar anʼanalarimiz yana bir goʼzal odat bilan boyigan boʼlar edi. Kelin-kuyovlarimiz ekkan nihollarning ildizi yerga chuqur oʼrnashib, ulgʼayib, ulkan daraxtga aylanib, meva berganidek, yoshlarimizning oilasi ham albatta mustahkam, barakali, tinch-totuv boʼladi, inshoolloh.
Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning 21 oktyabrь kuni oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida mamlakatimizda koʼkalamzorlashtirish, oʼsimliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish, ayniqsa, aholi yashash joylarida mevali va manzarali daraxt koʼchatlarini koʼpaytirish boʼyicha tashabbusi bilan chiqib, halqimizga chaqiriq qildilar.
Yangi Oʼzbekiston hududining yashilligini 2030 yilga borib
30 foizga yetkazish boʼyicha katta marra olingan boʼlib, mazkur ishlarni bajarishda Siz va bizning fidoyiligimiz juda muhim oʼrin tutadi.
Shu muqaddas zaminda tavallud topib, tarbiya olgan, oʼzini aynan shu yurtning asl farzandi, deb bilguvchi har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning yashilligini yanada yaxshilash kabi ulugʼvor ishlarda oʼzining ulkan hissasini qoʼshishi lozim.
Hurmatli fermerlar!
Soʼnggi yillarda mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekish anʼanaga aylandi. Аlbatta, bu savobli ishlarda keng jamoatchilik qatorida Siz aziz fermer va mehnatkash dehqonlar ham munosib ulush qoʼshib kelmoqdasiz.
Mazkur yoʼnalishdagi savobli ishlarni davom ettirgan holda oʼzingiz rahbarligingizda fermer xoʼjaligini ishchi xodimlarini shaxsiy tomorqalariga hamda xoʼjaligingiz dala chetlaridagi boʼsh yerlarga mevali va manzarali daraxt koʼchatlari ekib “Yashil makon” umummilliy dasturiga oʼz hissangizni qoʼshing.
Hududlarda koʼchat yetishtiruvchi fermer, dehqon xoʼjaliklari, tomorqa yer egalari hamda boshqa subʼektlarda yetarli miqdorda mevali va manzarali daraxt nihollari zahirasi mavjud boʼlib, ular bilan oʼzaro hamkorlik qilishga chaqiramiz.
Аziz dehqonlar!
Muhtaram Prezidentimizning alohida qarorlari bilan paxta – gʼalla maydonlari qisqartirilib, Siz aziz dehqonlar uchun ajratilgan 200 ming gektardan ortiq yer maydonlaridan samarali foydalanib, yuqori daromad olishni boshladingiz.
Dehqon xoʼjaligingizni barcha ishchi xodimlarini shaxsiy tomorqalaridan hamda dehqon xoʼjaligi uchun ajratilgan yer maydonlaridan “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida yanada samarali foydalanish maqsadida mevali va manzarali daraxt koʼchatlarini ekishni tashkil etishga chaqiramiz.
Muhtaram tomorqa yer egalari!
Sizning mashaqqatli mehnatingiz natijasida tomorqalarda yetishtirilayotgan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari bozorlarimizni toʼkin sochin, dasturxonlarimizni obod qilayotganligi hech kimga sir emas. Аyniqsa, bozorlarimizda Siz tomoningizdan yetishtirilgan mevalarni yilning barcha fasllarida topish imkoni yaratilgani dillarni xushnud etadi.
Mazkur tashabbus doirasida har bir tomorqachini oʼz tomorqasiga 5 tupdan, mahalla guzari va koʼcha boshiga 5-10 tupdan koʼchat ekishga chorlaymiz. Natijada, har bir mahalla guzari, har bir koʼcha hamda har bir xonadonning obod boʼlishiga erishamiz, saxovatpeshalik bilan qilgan ishlaringiz tahsinga sazovor boʼladi!
Muhtaram mahalla faollari!
Mahalla hududini obod qilish kabi savobli ishlar hamisha eʼtibor markazida turishi zarur.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Obod xonadon” dasturini amalga oshirishda jonbozlik koʼrsatib, yurtimizda har jihatdan obod xonadonlarni koʼpaytirish, ularni boshqalarga oʼrnak qilib koʼrsatish boʼyicha targʼibot va tashviqot ishlarini kuchaytirishingiz lozim.
Bu ezgu ishlarimizda Yaratganning oʼzi madadkor boʼlsin!
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi