Takroriy ekin qo‘shimcha daromad manbaidir
2024-06-25 13:16:02 121
Rishton tumanida sug‘oriladigan maydonlarga ekilayotgan qishloq xo‘jalik ekinlari asosini g‘o‘za va boshoqli don ekinlari tashkil etadi. Joriy yilda 7 ming gektardan ortiq maydonda bug‘doy yetishtirildi. Kuzgi bug‘doy hosili yig‘ishtirib olingach, o‘rniga takroriy ekin ekib, daromad qilish imkoni paydo bo‘ladi. Gʻalladan bo‘shagan maydonlarga aholining kundalik oziq-ovqat talablarini qondiradigan dukkakli don, don, sabzavot ekinlarini takroriy ekin sifatida yetishtirish kelgusida tumanimizda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashga, odamlarning qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirishga zamin yaratadi.
Dehqon xo‘jaliklari, aholi tomorqalari hamda boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish ishlarini o‘rganish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilish maqsadida Rishton tumanida seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi viloyat boshqarmasi, tuman hokimi, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar ishtirok etishdi. Tumandagi fermer xo‘jaliklarining g‘allasi o‘rib olingan yer maydonlari bo‘sh qoldirilmaydi. Ishsiz fuqarolar, dehqonchilik qilish niyatida bo‘lgan yosh oilalar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda chorva mollari uchun ozuqa yetishtirib olishadi.
Bugun g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish bo‘yicha namunaviy dastur - yo‘l xaritasi asosida har bir fermer xo‘jaligida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, yerlarni haydash, ekin ekish hamda sug‘orish borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonimizda ishsiz fuqarolar, yosh oilalar takroriy ekin ekish, dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim orqali qo‘llab-quvvatlanib, bandligi ta’minlanadi va turmush farovonligi oshiriladi. Pirovardida ular tomonidan yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xalqimiz dasturxoni to‘kisligiga xizmat qiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi