Rishtonda yirik pista plantatsiyalari barpo etilmoqda
2023-08-17 10:46:19 258
Tuman hokimi tadbirkor Qodirjon Qosimov tomonidan barpo etilayotgan Eron xandon pistasi plantatsiyasi bilan tanishdi.
“Navbahor” MFY hududida suvsiz, toshloq hududda joylashgan mazkur plantatsiyada bugungi kunda 150 gektar hududda pista ko‘chatlari o‘tqazish ishlari amalga oshirildi. Kelgusi yilda barpo etilayotgan pistazor hududi 200 gektardan oshishi ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirkor bilan muloqot davomida xandon pistani zamonaviy yetishtirish texnologiyalari hamda pistazorlar barpo etish uchun lozim bo‘lgan yer va iqlim sharoitlari, ko‘chat yetishtirishning yangi usullari muhokama qilindi.
Ma’lumki, bizda mavjud texnologiyalar asosida ekilgan pista 11-12 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxtdan 200-300 gramm hosil olish mumkin. Yangi plantatsiyalarni takomillashgan texnologiya asosida barpo etish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, ko‘chatxonada o‘stirilgan niholga ikkinchi yil navdor pistalardan olingan kurtak payvand qilinadi. Uchinchi yildan uni ochiq maydonda ekish mumkin. Ushbu texnologiyada ekilgan pista 7-8 yilda hosilga kiradi. Hosildorlik esa bir tupda 40-50 kilogramgacha yetishi mumkin.
Tumandagi Pandigon MFYda Qodirjon Qosimov pista ko‘chati yetishtirish bilan ham shug‘ullanib keladi. Bugungi kunda pistachilik ilmiy markazi, laboratoriya, issiqxona, ko‘chat yetishtirishni o‘zida jamlagan “Agromaktab” ham tashkil etishga kirishgan.
Hozirda Rishtonning ko‘plab tadbirkorlari kamhosilli, unumsiz bog‘larni buzib, o‘rniga pistazor tashkil etishni boshladilar. Qodirjon Qosimov ularni ham ko‘chat bilan ta’minlab, pistachilikning sir-asrorlarini o‘rgatmoqda. Tuman hokimi ushbu hududdagi “Golden walley 5” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilayotgan pistachilikni rivojlantirish loyihasi bilan tanishdi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi