TO‘DALIKLARNING SHASHTI BALAND
2023-04-12 08:51:42 434
To‘da mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 767 ta xonadonda 4136 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri - aholining ish bilan bandligini ta’minlash orqali ularning oilalariga daromad kiritish, hayot tarzini yaxshilashga ko‘maklashish deydigan bo‘lsak, bu borada mahallada talaygina ibratli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, bugungi kunda mahallada 7 ta oilaviy korxona faoliyat yuritib kelmoqda. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, ishbilarmon-tadbirkorlarning sa’y-harakati bilan turli mahsulotlar ishlab chiqarilishi barobarida ichki bozorlarimiz mahalliy mollarga to‘lib bormoqda.
Shuni alohida ta’kidllash o‘rinliki, ushbu mahallada bekorchining o‘zi yo‘q. Masalan, mahalladagi 100 dan ortiq xonadonlarda tashkil qilingan issiqxonalarda limon, bodring, pomidor kabi xalqimiz dasturxonini to‘kin-sochin qiluvchi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilyapti va shu orqali aholining turmush tarzi yil sayin farovonlashib bormoqda.
Mahallada o‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra 95 nafar kam ta’minlangan, o‘zgalar yordamiga muhtoj ayollar aniqlandi va ular “Ayollar daftari”ga kiritildi. O‘tgan 2022 yilda “Ayollar daftari” kiritilgan 21 nafar ayollarga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlari maqsadida imtiyozli kreditlar berildi. Shulardan 2 nafari qisqa vaqt ichida o‘z xonadonida tikuvchilik syexini yo‘lga qo‘yib, faoliyatini boshladi. 3 nafar ayolga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. 20 nafar ishsiz ayollar doimiy ish bilan band qilindi va buning uchun ularga badallar to‘landi hamda ish staji yuritiladigan bo‘ldi. 3 ta kam ta’minlangan oilalarga yoshlar yetakchisi tomonidan pishiriq pechi, tikuv mashinasi, motokultivator, 5 nafar oliy ta’lim talabalarining 50 foiz kontrakt puli va 1 nafar fuqaroning harbiy xizmat uchun to‘lovi to‘lab berildi. Bundan tashqari mahalla hududida joylashgan “To‘da” oilaviy poliklinikasi homiylar tomonidan to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Abdulloh Ansoriy qabristoni uchun homiy va tadbirkor S.Akbarov tomonidan yangi bino qurib bitkazildi.
Bugungi kunda mahalla hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bir zum ham to‘xtagani yo‘q. Xususan, 3 ta ko‘cha shag‘allashtirildi. Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “Ariq bo‘yi” va “Mustaqillikning 21 yilligi” ko‘chalariga yangi tayanchlar o‘rnatilib, tungi yoritkichlar bilan ta’minlandi.
Yurtimizga fasllar kelinchagi Bahor kirib kelishi bilan har bir ko‘cha va xiyobonlar, xonadonlarda ishlar qizigandan qizimoqda.
Tinch va osoyishta yurtimiz fuqarolari bu faslni ko‘tarinkilik bilan qarshi olmoqdalar. Xususan, bu borada to‘daliklarning shashti baland.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi