Qadring baland boʼlsin, ona tilim!
2022-10-18 15:42:40 286
Rishton tumanida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining 33 yilligi va Oʼzbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda. Tuman hokimligi tashabbusi bilan joylarda “Qadring baland boʼlsin, ona tilim!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Bugun tuman madaniyat markazida ushbu qutlugʼ sana munosabati bilan tantanali bayram tadbiri oʼtkazildi. Unda tuman hokimligi, tashkilotlar, taʼlim muassasalari vakillari, ijodkorlar, iqtidorli yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbirida avvalida tuman hokimi oʼrinbosari Z. Umarov soʼzga chiqib, barcha rishtonliklarni oʼzbek tili bayrami bilan qutladi. – Ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz timsolidir, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi, – dedi tuman hokimi oʼrinbosari. – Til har bir millat madaniyatining oʼzagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʼqitadi, urf-odat va anʼanalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʼ-eʼtiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʼshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz lozim.
Tadbirda oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʼlidagi muhim qadamlaridan biri boʼlgani alohida qayd etilib, istiqlol yillarida barcha sohalarda boʼlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʼzgarishlar yuz bergani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan soʼnggi yillarda yurtimizda davlat tili maqomini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrь kungi farmoni bilan ushbu sana yurtimizda Oʼzbek tili bayrami kuni deb belgilandi.Tadbir davomida “Ona tilim, sarchashmangdan sarxush dilim” shiori ostida oʼtkazilgan tanlovining tuman bosqichi gʼoliblari faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir guruh ona tili va adabiyot fani oʼqituvchilari ham “Qadring baland boʼlsin, ona tilim!” shiori ostida oʼtkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtiroki uchun tuman hokimi va xalq taʼlimi boʼlimi, taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman boʼlimasi tashakkurnomasi va sovgʼalari bilan taqdirlandilar.
Tadbirda buyuk ajdodlarimizning gʼazal va sheʼrlaridan namunalar oʼqildi. Sahna asarlaridan parchalar namoyish etildi. Sanʼatkorlarning nafis kuy-qoʼshiqlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.Tumanda Oʼzbek tili bayrami kuniga bagʼishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi