MENING BIRINCНI USTOZIM
2022-09-29 05:43:07 843
Bugun jamiyatimizda yuqori mavqeni egallagan, faoliyatida yuksak natijalarga erishayotgan, el-yurt orasida hurmat qozongan kishilar koʼplab topiladi. Ularga ham dastlabki saboqni birinchi oʼqituvchi berganini unutmaslik kerak. Bayram munosabati bilan ana shunday insonlarning oʼz ustozlari haqidagi fikrlarini bilishga qiziqdik.
Zarifjon Umarov, tuman hokimi oʼrinbosari:- Bola qalbini tushunish uchun boladek boʼlish kerak, deyishadi. Marhum birinchi oʼqituvchimiz Tojixon Yoʼlchieva bola dunyosidan xabardor, oʼzi ham boladek samimiy inson edi. Oʼz navbatida qatʼiyati bilan ajralib turardi. 1-sinfga borganimizda oʼqituvchimiz bizga shu savolni koʼp berardi: Katta boʼlsang, kim boʼlmoqchisan, qaysi kasbni egallamoqchisan? Bola emasmizmi, kimdir uchuvchi, yana kimdir harbiy, birovi shifokor boʼlish istagida ekanini aytardi. Ustozimiz esa tanlagan kasbimizdan kelib chiqib, qanday bilimlarni egallashimiz kerakligini erinmay tushuntirardi. “Yaxshi oʼqisang, kelajakda yaxshi ishda ishlaysan, odamlar orasida obroʼ-eʼtibor qozonasan”, deya bizni doim ruhlantirgan.
Otabek Madaminov, tuman hokimligi bosh mutaxassisi:1980 yili tumanidagi 27-umumiy oʼrta taʼlim maktabining 1-sinfiga qadam qoʼyganman. Marhum ustozimiz Аʼzamjon Homidov bizga muloyimlik bilan dars oʼta boshlaganini eslayman. U kishi darsda barchadan faollik talab qilardi. Hech kimni jazolamasdi. Turli yoʼllar bilan fanlarga qiziqishimizni oshirardi. Bir soʼz bilan aytganda, bolalarning tilini topardi. Oʼqituvchim tufayli menda aniq fanlarni oʼrganishga ishtiyoq paydo boʼlgan. Bu esa kasb tanlashimda muhim rolь oʼynadi. Oliy oʼquv yurtini tamomlab, turli sohalarda faoliyat olib bordim. Erishgan yutuqlarimda ustozimning hissasi katta deb bilaman. Birinchi oʼqituvchimizdagi talabchanlik tinimsiz oʼqib-oʼrganishimizga turtki boʼlgan. U kishi tartib-intizomni yaxshi koʼrardi. Hech kimga urishmagan, hatto qattiq gap ham aytmagan. Shu sababli ustozimizga hurmatim cheksiz.
Diloromxon Dodoboeva, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʼlimi rahbari:- 1980 yili 1 sinfga tumanidagi 29-umumiy oʼrta taʼlim maktabiga borganman. Sinfda 25 oʼquvchi bor edik. Bizni Birofila Solieva qabul qilib olgan. Ustozimiz menda avvaliga jahldordek taassurot qoldirgan boʼlsa-da, darslar davomida u kishining mehribon inson ekaniga amin boʼldim. Oʼtilgan darslarni oʼzlashtirishda ortda qolayotgan oʼquvchilarga alohida vaqt ajratardi. Xullas, hech kim eʼtibordan chetda qolmasdi. Kasbga sadoqat shu boʼlsa kerak. Birinchi oʼqituvchimizning alohida xislati shundaki, u kishi oʼquvchidagi yashirin qobiliyatni tezda payqay olgan va ushbu qobiliyatni yuzaga chiqarishga tinmay harakat qilgan. Yaʼni, oʼquvchining istak-xohishlariga qanot bagʼishlagan. Ustozimizning astoydil mehnati samarasi oʼlaroq jamiyatga foydasi tegadigan koʼplab insonlar yetishib chiqdi. Shu sababli birinchi oʼqituvchimizni doim eʼzozlaymiz, ularga hurmat izhor qilamiz.
Muqaddasxon BEKMIRZАEVА, tuman hokimi oʼrinbosari, oila va xotin-qizlar boʼlimi boshligʼi:Birinchi ustozim Sharofiddin Mamadalevni oʼz kasbining haqiqiy fidoyisi, deb bila man. Bizga nisbatan qattiqqoʼl boʼlgan, bilim olishimiz uchun astoydil jon kuydirgan. Har gal sinfga barvaqt kelib olar, darsga alohida tayyorlanardi. Аgar alifboning biror harfini yodlolmasak yoki toʼgʼri yozolmasak, buning uddasidan chiqmagunimizcha, yaxshilab oʼzlashtirmagunimizcha qoʼymasdi. Oʼzlashtirishi qiyin bolalarga aʼlochilarni biriktirardi. Hayotda doim birinchi boʼlishga intilish, oʼz oldiga katta maqsadlar qoʼyib yashash kerakligini uqtirgan. Intizomni, har bir ishni oʼz vaqtida bajarish kerakligini u kishidan oʼrganganman, desam xato boʼlmaydi.
Kozimjon TOʼXTАSINOV yozib oldi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi