РИШТОНДАГИ ЯПОН МАКТАБИНИНГ ШУҲРАТИ
2022-08-18 06:21:00 444
Rishtonda “Rishton-Yaponiya” madaniy iqtisodiy aloqalar markazi qoshida tashkil etilgan yapon tilini oʼqitish maktabi 19 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Maktabda viloyatimizning Rishton, Oltiariq, Bagʼdod tumanlari, shuningdek Аndijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridan kelib oʼqigan 160 nafardan ziyod yigit-qizlar Yaponiyaning koʼplab oliy oʼquv yurtlarida taʼlim olib, ayni kunlarda mutaxassis sifatida oʼsha yerdagi yirik firma va kompaniyalarda ishlayotgan boʼlishsa, koʼpchiligi bilim va malakalarini oshirmoqda. Quvonarlisi, taqdir taqozosi bilan maktabning 2 nafar sobiq oʼquvchisi yapon yigitiga turmushga chiqqan boʼlsa, 2 nafar yigit yapon qiziga uylanib, oila qurishgan va ayni paytda ularning shirindan-shakar farzandlari bor. Bugungi kunda maktabda 6 ta guruhda 50 nafardan ziyod yigit-qizlar yapon tilini oʼrganishyapti. Maktabning yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, bu yerda yoshlarga nafaqat yapon tili, madaniyati, balki tarixi ham oʼrgatiladi. Yaponlar qaysidir maʼnoda bizning xalqimizga oʼxshab ketadi. Ularning turmushi, tutumlari, oiladagi saranjom-sarishtalik, ota-onani hurmat qilish, oʼzaro muomala madaniyati - hammasi oʼxshash. Maktabda qatʼiy oʼqitish rejasi yoʼq. Lekin yapon tilini oʼrganishga qiziquvchi yoshlar kelib, koʼproq oʼzaro va yoki oʼqituvchi bilan erkin muloqotda boʼlishadi. Markaz tashkil topganidan buyon oʼtgan vaqt ichida ikki davlat oʼrtasidagi doʼstlik va madaniy aloqalar rivojlantirib borilyapti. Natijada keyingi yillarda mingdan ortiq kunchiqar mamlakat fuqarolari ushbu markaz hamda yapon tilini oʼqitish maktabi bilan tanishish maqsadida tashrif buyurishdi. Shu bilan birga sayyohlar tumanda ijod qilayotgan usta kulollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan, sanʼat darajasidagi mahsulotlar va yaratilish jarayonlarini bevosita kuzatish imkoniyatiga ham ega boʼldilar. Eʼtiborlisi, sayyohlarning kulolchilik mahsulotlarini xarid qilishlari barobarida bunday holatlarni mamlakatimizda turizmni rivojlantirish sari qilinayotgan saʼyi harakatlarning natijasi, deyish mumkin. Maktabda yaponiyalik oʼqituvchilar yoshlarga yapon tilini begʼaraz oʼrgatishadi. Iqtidorli va bilimli yoshlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, qator yutuqlarni qoʼlga kiritib, Respublikamiz dovrugʼini dunyoga yoymoqdalar. Аna shunday fidoyiliklarning boshida turgan markaz rahbari Gʼanisher Nazirovning mehnati yuksak qadrlanib, davlatimiz tomonidan eʼtirof etilib, “Doʼstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Shu yilning iyunь oyida Gʼanisher Nazirov Yaponiyada oʼtkazilgan ikki mamlakat oʼrtasida doʼstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishga bagʼishlangan Xalqaro forumda qatnashdi. Eʼtiborlisi, oʼsha yerda davlat rasmiylari bilan qilingan muloqotlar davomida Yaponiyadagi tinchlik va sogʼliqni targʼib qiluvchi PHD Xalqaro tashkilot rahbarlari bilan ham tanishib, muloqot olib bordi. Ushbu muloqotlar jarayonida mezbonlar Rishtondagi “Rishton-Yaponiya” madaniy iqtisodiy aloqalar markazi hamda uning qoshida faoliyat yuritib kelayotgan yapon tilini oʼqitish maktabiga qiziqish bildirdilar va batafsil maʼlumotlarga ega boʼlishdi. Shundan soʼng ushbu Xalqaro tashkilot vakillari Oʼzbekistonga, aynan Rishtonga kelib markaz faoliyati bilan tanishish va maktab oʼquvchilari, ularning ota-onalarini bepul tibbiy koʼrikdan oʼtkazishni bildirishgan edi. Yaqinda ana shu ahdlashuvga koʼra, tashkilotning umumiy kasalliklar boʼyicha tajribali shifokori Akio Kitano boshliq olti kishidan iborat bir guruh mutaxassislar Rishtonga kelishdi. Mazkur tashkilot dunyoda qiynalayotgan yoki endi tashkil etilgan davlatlarga begʼaraz yordam beradi. Insonlarni tibbiy koʼrikdan oʼtkazib, aniqlangan kasalliklar boʼyicha tekinga dori-darmonlar bilan taʼminlaydi. Yaponiyalik shifokorlar bir hafta davomida Rishtonda boʼlishib, oʼquvchilar va ularning ota-onalarini tibbiyotning eng soʼnggi apparaturalari yordamida bepul tibbiy koʼrikdan oʼtkazib, kerakli muolajalarni amalga oshirishadi, dori-darmonlar bilan taʼminlaydi yoki muolajaga tavsiya beradilar. Maʼlumot oʼrnida: Yaponiyalik tibbiyot mutaxassislarining yoʼl xarajatlari, oziq-ovqat va boshqa masalalari, shuningdek, tarjimonlarga haq toʼlash Yaponiya hukumati tomonidan amalga oshiriladi.
Zaylobiddin YIGITАLIEV.
Suratda: yaponiyalik shifokor Akio Kitano fuqaroni tibbiy koʼrikdan oʼtkazyapti.
Muallif olgan surat.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi