Fuqaro mudofaasi taktik oʼquv amaliyoti
2022-08-03 17:21:52 519
Fargʼona viloyati hokimi buyrugʼi asosida 3 avgust kuni Rishton tumanidagi Xoja Ilgʼor MFY binosi hududida favqulodda vaziyat yuz bergan paytda amalga oshiriladigan qutqaruv va evakuatsiya jarayonlari amaliyoti oʼtkazildi. Tuman hokimi oʼrinbosari, tuman evakuatsiya guruhi rahbari M.Bekmirzaeva fuqaro mudofaasi dolzarb vazifa ekani haqida maʼlumot berdi.Dastlab MFY raisi zilzila va yongʼin haqida jarchilarni ogoh qilib, vaziyat yuzasidan bong urish, turli tegishli idoralarga xabar berishni buyurdi.
Sirenalar baxtsiz hodisa yuz berganidan darak berardi. Maʼlum boʼlishicha, bir necha uylar zilzila oqibatida vayron boʼlgan, bolalar va kattalar yiqilgan binolar ostida qolgan. Zudlik bilan jamoat ishlari guruhi, Qizil Yarim Oy jamiyati faollaridan iborat jamoalar shakllantirilib ish bajarishga kirishdi. Tegishli tashkilotlardan yetib kelgan tezkor guruhlar shay holatda edi. Gazchi va elektriklar, oʼt oʼchiruvchilar, favqulodda vaziyatlar xodimlari yordamga otilishdi.
Yarador va boshqa jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarilib birinchi yordam koʼrsatilgach "Tez tibbiy yordam" avtomashinalarida kasalxonaga joʼnatildi. Аholini zudlik bilan Rishton sanoat kolleji hududiga evakuatsiya qilish boshlandi. Hovlilardan uy hayvonlari, chorva mollarini talafotsiz olib chiqishga muvaffaq boʼlindi. Veterinarlar ishga tushdi.
Rishton sanoat kolleji binosining 1-qavatida favqulodda vaziyatlarda yordam koʼrsatish xonalari shay etilgan. Chap tomonda onalar va bolalar, qariyalar, ayollar, erkaklar xonalari alohida tayyorlab qoʼyilgan. Oʼng tomonda esa birinchi yordam koʼrsatish uchun hamshira va hakimlar, psixolog xonalari tayyorlangan. Bu yerda evakuatsiya qilingan kishilarni joylashtirish boshlandi. Xonalarda barcha sharoitlar muhayyo qilindi.
Аmaliyot jarayonlarini Fargʼona viloyat FVB boshligʼining xodimlar boʼyicha oʼrinbosari podpolkovnik Umidjon Ismoilov, boshqarma oʼquv markazi boshligʼi mayor Isroil Isroilov, Rishton tuman FVB boshligʼi mayor Isroiljon Kenjaboev, uning oʼrinbosari kapitan Muslimbek Ergashev va boshqa masʼul xodimlar kuzatib baholab bordilar.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi