Rishtonda kulolchilik mahsulotlari sanoat zonasi ish boshladi: umumiy loyiha qiymati 75,8 milliard soʼm boʼlgan 37 ta korxonada 7200 dan ziyod ish oʼrni yaratildi
2022-05-19 05:23:38 354
Rishton tumani Navoiy mahallasida joylashgan sobiq “Badiiy kulolchilik zavodi” negizida tashkil etilgan Kulolchilik mahsulotlari sanoat zonasi tantanali tadbir bilan ish boshladi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Davlatimiz rahbarining alohida eʼtiborlari tufayli azaldan hunarmandlar yurti boʼlgan Rishtonda kulolchilik jadal rivojlanishga yuz tutganini qayd etib, Prezidentimizning oʼtgan hafta viloyatimizga tashrifidan soʼng tumanga soha rivoji uchun yana 100 milliard soʼm qoʼshimcha mablagʼ ajratilishiga qaror qilinganini maʼlum qildi.
Joriy yil fevral oyida viloyat hokimining Rishton tumanidagi oʼrganishlari jarayonida hududda kulolchilikni yanada rivojlantirish boʼyicha chora-tadbirlar belgilab olingan edi.
Oʼtgan davr mobaynida viloyat mahalliy byudjeti hisobidan sanoat zonasining ichki yoʼllari toʼliq asfalьtlandi, bundan tashqari sobiq zavod hududida ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish oʼrinlarini yaratish maqsadida 3,3 mlrd. soʼm mablagʼ ajratilib tabiiy gaz tarmogʼi, 340 mln. soʼm mablagʼ yoʼnaltirilib, elektr tarmoqlari tortildi.
Ixtisoslashgan sanoat zonasida umumiy loyiha qiymati 75,8 milliard soʼm boʼlgan 37 ta chinni va keramika buyumlari ishlab chiqarish va bezak berish korxonasi tashkil etildi, 7200 dan ziyod ish oʼrni yaratildi.
Tadbirkor Muhayyo Sattorova tomonidan tashkil etilgan “MM Porcelain” MChJ shaklida oilaviy korxonasi qoshidagi chinni mahsulotlariga bezak berish sexida bugungi kunda 100 dan ortiq xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlangan. Shuningdek, 300 ta xonadondan 700 nafardan ortiq ishsiz mahalla ayollari ham kasanachilik asosida ishga jalb etib kelinmoqda. Korxona tomonidan bu yil 1 million dollarlik chinni buyumlari eksporti amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shokirjon Аhmadjonov rahbarlik qilayotgan “Mingboshi Keramik” oilaviy korxonasi tomonidan qiymati 10,0 mlrd. soʼm boʼlgan investitsiya loyihasi asosida yirik kulolchilik kooperatsiyasi tashkil etilgan boʼlib, korxonada 100 nafar doimiy ish oʼrinlari bilan birgalikda 3000 nafardan ortiq kasanachilik yoʼnalishida oʼzini-oʼzi band qilish orqali yangi ish oʼrinlari yaratilgan. Korxona tomonidan joriy yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahriga mahsulotlarni yetkazib berish boʼyicha 5 mln. dollarlik eksport shartnomasi imzolangan.
Hozirda bunday ixtisoslashgan sanoat zonalari tumanning Toʼda, Dahbed, Dehqonobod va boshqa mahallalarida ham tashkil etilmoqda.
Noyob sopollari va koshinlik sanʼati bilan dunyoga mashhur Italiyaning Deruta hamda Turkiyaning Iznik shaharlari bilan Rishton tumani oʼrtasida joriy yilda xalqaro hamkorlik aloqalari ham oʼrnatildi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi