Xalqimizning rizq-nasibasi ulugʼ boʼladi
2022-05-18 14:05:34 378
Ota-bobolarimiz duoga qoʼl ochganda, hamisha omborlarimiz donga toʼlishi uchun ezgu niyat qilishi bejiz emas. Boisi xirmoni, omborlari donga toʼla xalqning bugungi kuni farovon, ertangi kundan koʼngli xotirjam boʼladi. Shu yilning 11 may kuni Prezidentimiz raisligida gʼallachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda davlatimiz rahbari barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda, 1 iyundan boshlab gʼallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʼtilishini maʼlum qildi. Bu juda ham quvonarli yangilik. Chunki keyingi yillarda bugʼdoyning davlat xarid narxi arzon, yetishtirish xarajatlariga unchalik toʼgʼri kelmas edi. Mineral oʼgʼit, texnika xarajatlari qimmat, ustiga ustak fermer yetishtirilgan hosilni bozor narxidan arzon sotish orqali koʼzlangan daromadga ega boʼlolmay qiynalardi. Nihoyat, fermerning yelkasiga oftob tegdi – u bundan buyon oʼz mehnati samarasidan bahramand boʼladigan boʼldi. Prezidentimiz rahbarligida 17 may kuni oʼtkazilgan tovar-xom ashyo birjasida savdolarni koʼpaytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʼyicha yigʼilishda yana bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Yangi tizimga koʼra, tuman hokimi gʼalla yetishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida bugʼdoyni birjaga olib chiqish oyma-oy rejasini ishlab chiqadi. Tuman hokimi va Savdo-sanoat palatasining tuman boʼlimi ushbu fermer va klasterlarni birjada roʼyxatdan oʼtkazishni tashkillashtiradi. Tadbirkorga qulay boʼlishi uchun Savdo-sanoat palatasi tuman boʼlimida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi. Savdo maydonchasida tadbirkor, fermer va klasterlarga birja hujjatlarini rasmiylashtirishga koʼmaklashiladi. Birja savdolarida ishtirok etishga oʼqitish ishlari tashkil etilib, tadbirkor, fermerlar uchun sodda va loʼnda uslub ishlab chiqiladi. Аyni paytda 4780 gektar yerda 151 ta fermer xoʼjaligi bilan hamkorlikda yetishtirilgan gʼallani yigʼib olish uchun 13 ta yuqori unumli kombaynlar mavsumga toʼliq shay holatga keltirib qoʼyildi. Keyingi yillarda ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar keng joriy etilib, fermerlarimiz gʼallaning har gektaridan 80, 100 sentnerdan hosil olishmoqda. Xorijdan serhosil gʼalla navlari olib kelish va mahalliylashtirish orqali bu yil 2 ming gektar yerda, yaqin yillarda toʼliq navlarni yangilashni maqsad qilganmiz. Buning uchun yurtimizdagi nufuzli ilmiy-amaliy markazlar bilan faol hamkorlikda ishlayapmiz. Natijada hosildorlik sifati va salmogʼi yanada oshishiga erishiladi. Davlatimiz rahbarining yaqinda Fargʼona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chogʼida Oltiariq tumanida qishloq xoʼjaligi xodimlari, klasterlar rahbarlari bilan suhbatlashdi. Bunday eʼtibor va ragʼbat uchun fargʼonalik barcha fermerlar, gʼallachilik kalsterlari rahbarlari nomidan Yurtboshimizga minnatdorchilik bildirdim. Uchrashuvda yillik quvvati 20 ming tonna boʼlgan un zavodini ikki oyda ishga tushirishga vaʼda berdim. Hozirgi kunda qurilish-pardozlash ishlarini jadal davom etyapti. Yaqinda Turkiyaga borib, eng soʼnggi rusumdagi texnologiyalarni olib kelib oʼrnatish boʼyicha shartnoma imzolab keldim. Un zavodi ishga tushsa, rishtonlik 40 nafar yoshlar doimiy ish oʼrniga boʼladi. Mehnating qadr topsa, imkoniyat va imtiyozlar tufayli faoliyating tobora rivojlanib boraversa, inson yangi-yangi gʼoyalar bilan yashayveradi. Demak, biz xalqimizning rizq-nasibasi ulugʼ boʼlishi uchun xizmatda astoydil kamarbastamiz.
Isomiddin OʼRINBOEV,Fargʼona viloyatining Rishton tumanidagi
“Qahramon” gʼallachilik klasteri rahbari.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi