Аliment boʼyicha qoʼyilgan Oʼzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni bekor qilish tartiblari

 2024-09-23 10:19:01    38

PDF yuklash
Chop etish


Bugungi kunda kundalik hayotimizda qarzdorlik sababli Oʼzbekiston Respublikasidan chiqishi vaqtincha cheklanganligi uchun norozi boʼlib yurgan fuqarolarni uchratishimiz mumkin. Bu boradagi cheklov aliment munosabatlaridan keldib chiqadigan qarzdorlikka nisbatan ham tatbiq qilinadi .Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 32-moddasiga muvofiq har kim Oʼzbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʼzbekistonga toʼsqinliksiz qaytish huquqiga egaligi belgilangan.Shu bilan birga Konstitutsiyamizning 77-moddasiga koʼra ota-onalar va ularning oʼrnini bosuvchi shaxslar oʼz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʼlom, toʼlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʼamxoʼrlik qilishga majburdirlar deb belgilangan.Oʼzbekiston Respublikasi Oila Oila qonunchiligiga asosan voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majbu¬riya¬tini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan aliment sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʼiga asosan undiriladi.Oʼzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʼgʼrisida” qonuniga asosan, xorijga chiqish uchun cheklov qoʼyish – sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga koʼra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi boʼyicha yoki oʼz tashabbusi bilan qaror asosida amalga oshiriladi.Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar tomonidan aliment qarzdorligi sababli, xorijga chiqa olmayotganligi haqida murojaatlar tez-tez uchrab turamiz. Jamiyatimizda oila qadriyatlariga yuzaki yondashish, er-xotinning oʼzaro kelishmovchiliklari oqibatida ajralish holatlari yildan-yilga oʼsib, aliment undirishga doir ijro hujjatlari sonini ortib ketishiga olib kelmoqda. Bu esa oʼz navbatida ijro hujjatlarini ijro qilish imkoniyatining qiyinlashishi va murakkablashishiga olib keladi. Cheklov qoʼyishdan eng asosiy sabablardan biri ham shu yaʼni ijro hujjatlarini oʼz vaqtida ijro etilmasdan qolib ketishini oldini olish. Аmaldagi qonunchiligimizga koʼra cheklovni yechish uchun yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan.Jumladan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi “Аlimentlarni oldindan toʼlash, shuningdek, aliment toʼlash majburiyatini taʼminlash boʼyicha garov shartnomasini tuzish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 808-sonli Qaroriga asosan tasdiqlangan nizomda alimentlarni oldindan toʼlash yoki aliment toʼlash majburiyatini taʼminlashda garov taqdim etish asoslari belgilab berilgan. Ushbu nizomga koʼra cheklovni yechishni ikki xil usuli mavjud , birinchi usul voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlarni oldindan toʼlash, hamda ikkinchi usul voyaga yetmagan bolalar, er (xotin), sobiq xotin (sobiq er) va boshqa mehnatga layoqatsiz shaxslar taʼminoti uchun aliment toʼlash majburiyatini taʼminlashda garov shartnomasini tuzish. Birinchi usul yaʼni voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlarni oldindan toʼlash orqali. Bunda qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan toʼlash hisobiga koʼchmas yoki koʼchar mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkin. Аlimentlar summasini oldindan toʼlash yoki alimentlar toʼlash majburiyatini taʼminlash boʼyicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment toʼlovlaridan qarzdorligi mavjud boʼlmaganda amalga oshiriladi. Аlimentlarni oldindan toʼlash yoki aliment toʼlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasining tuzilishi davlat ijrochisi yoki sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ilgari belgilangan Oʼzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi. Аlimentlarni oldindan toʼlash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun besh yildan kam boʼlmagan muddatga amalga oshiriladi. Biroq alimentlarni oldindan toʼlash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar boʼlgan davr 5 yildan kam boʼlsa, alimentlarni oldindan toʼlash qolgan davr uchun amalga oshiriladi. Ikkinchi usul aliment toʼlash majburiyatini taʼminlashda garov shartnomasini tuzish. Bu usulda ham yuqorida keltirib oʼtilgan holatga oʼxshab qarzdor tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ijro hujjatini bergan sudga ijro hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʼzgartirish toʼgʼrisida ariza bilan murojaat qiladi. Faqatgina bu holatda tuzilgan garov shartnomasi, shuningdek, Byuro tomonidan aliment toʼlovlaridan qarzdorligi mavjud emasligi toʼgʼrisidagi maʼlumotnoma ilova qilinishi shart. Garov shartnomasi qarzdor va undiruvchi oʼrtasida aliment toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash va aliment majburiyatlari ikki oydan ortiq muddat davomida bajarilmagan taqdirda undiruvchiga undiruvni garov predmetiga qaratish huquqini berish uchun tuziladi. Har qanday mol-mulk, shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov predmeti boʼlishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bogʼliq boʼlgan talablar, xususan, hayoti yoki sogʼligʼiga yetkazilgan zararni qoplash toʼgʼrisidagi talablar, alimentlar toʼgʼrisidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno. Аliment toʼlash majburiyatini garov bilan taʼminlash toʼgʼrisidagi garov shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va tegishli tartibda roʼyxatdan oʼtkazilishi lozim. Garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam boʼlmasligi lozim. Bugungi kunda amaldagi bazaviy hisoblash miqdori boʼyicha hisoblanganda garov qiymati 85.000.000 (340.000*250) soʼmni tashkil etadi.Xulosa qilib aytganda mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash juda muhim hisoblanadi. Voyaga yetmaganlarga oʼz vaqtida taʼlim tarbiya berish shaxsning toʼgʼri oʼsib-ulgʼayishini taʼminlaydi, buning uchun moddiy yordam eng asosiy vositadir. Аmalga oshirilayotgan bu kabi cheklovlar oʼz navbatida sud hujjatlarini ijrosini taʼminlash hamda mana shu voyaga yetmagan farzandlarning moddiy taʼminoti uchun toʼlanayotgan alimentlarning oʼz vaqtida toʼlanishini taʼminlash uchun joriy qilingan. Shu bilan birga qarzdor shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilgan xolda ularga yuqoridagi kabi cheklovlarni qonuniy yechish boʼyicha imkoniyatlar berilmoqda.

Yo.Toʼychiev,
Fuqarolik ishlari boʼyicha
Rishton tumanlararo sudining sudyasi


<< SENTYABR 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30      

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 21 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Matnda xatolik ko'rdingizmi?

Sichqoncha bilan belgilab