Jahon chempioni munosib kutib olindi
2023-05-16 17:38:00 258
Poytaxtimiz – Toshkent shahrida sportning boks turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda “oltin” medal sohibiga aylangan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev bugun tantanali tarzda kutib olindi.
Asadxo‘ja tug‘ilib o‘sgan Buloqboshi qishlog‘idagi xonadon uning yaqinlari, do‘stlari, katta-kichik yoshdagi sport ixlosmandlari, mahalla ahli bilan to‘lib-toshdi.
Axir Jahon chempioni har kuni va har joyda ham tug‘ilavermaydi!
Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, tuman hokimi Sufhonjon Soliyevlar chempionni olqishlar ekan, uni kamolga yetkazgan, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun munosib shart-sharoit yaratib bergan ota-onasiga va yaqinlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
- Asadxo‘janing yutug‘i – nafaqat rishtonliklarning, balki farg‘onaliklarning va umuman, o‘zbekistonliklarning yutug‘i, - dedi tuman hokimi. – Birgina mana shu g‘alaba minglab yoshlarning hayotini o‘zgartirib yuboradi. Qarang, kimdir bilimi bilan, kimdir kasbi-hunari bilan, yana kimdir sportdagi mahorati bilan Vatanimiz shon-shavkatini dunyoga taratyapti. Istaymizki, bunday yutuqlar bardavom bo‘lsin!
Mamlakatimizda ilk bora tashkil etilgan Jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilgan rishtonlik bokschi barcha janglarda g‘alaba qozonib, yakunda chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
- Eng avvalo, ota-onamga ta’zim qilaman, - dedi yosh bokschi. – Shu kunga yetib kelishimga, shon-shuhrat qozonishimga ular sababchi. Qolaversa, birinchi ustozimga, hamma-hammangizga ming rahmat. Qo‘llab-quvvatlaganingiz, qayg‘urganingiz, intizor bo‘lib kutganingiz uchun tashakkur. Ishontirib aytamanki, sizlarni hali ko‘p marta xursand qilaman.
Rishton tumani hokimligi Axborot xizmati.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi