MAHALLADA KUTUBXONA OCHILDI
2023-04-13 17:45:57 364
Keyingi yillarda yurtimiz yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash,ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.Yoshlarimizning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shu bois Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ayni paytda yurtimizning har bir hududida Prezidentimiz belgilab bergan beshta tashabbusni hayotda tatbiq etish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilayotir. Bu borada Rishton tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugun Abdullabayon mahallasi binosida joylashgan yangi kutubxonaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Kutubxonani tashkil etishdan asosiy maqsad – yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni turli salbiy illatlardan asrab, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, kitobga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishdan iborat. Darhaqiqat, kitob ilm manbai, nuru ziyo sarchashmasidir. Kitob odamni dunyoqarashini o‘zgatiribgina qolmasdan, balki uni yangicha qarash, fikrlash va ishlashga, samarali faoliyat yuritishga chorlaydi. Aytish joizki, Abdullabayon mahallasida o‘tgan davr davomida katta obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Qilingan va qilinayotgan barcha ishlarda mahalla raisi Ilhomjon Mirzajonovning hissasi katta. Mahallada har bir fuqaro vatan taqdiriga daxldorligini his qilgan holda umrguzaronlik qiladi. Yosh rais mahalla ahlini o‘z atrofida jipslashtirib, ularni Vatan obodonchiligi yo‘lidagi ezgu ish va amallarga chorlamoqda. Mahalla ahli ham raisning tashabbuskorligidan behad mamnun. Darhaqiqat, tashabbuskorlik bo‘lgan joyda rivoj va taraqqiyot bo‘ladi. Tashkil etilgan yangi kutubxona ham yosh raisning tashabbuskorligidan dalolat.Yangi kutubxonaning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda tuman Nuroniylar kengashi raisi T. Abdurahmonov va mutassadilar ishtirok etishib, kitob eng yaxshi do‘st, eng kuchli tarbiyachi, fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai ekanligini ta’kidlashdi. Kitobxonlikka katta ahamiyat berilayotgan jonajon O‘zbekistonimizda kitobsevarlar, kitobxonlar safi yana kengayadi va tashkil etilayotgan har bir kutubxona hammamizni yuksak ma’naviyat sari chorlayveradi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi