MADANIY ALOQALAR YANADA RIVOJLANADI
2023-04-06 15:28:04 436
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 avgustdagi PQ-5220-sonli qaroriga asosan “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi, ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bugun ushbu jamoat fondi tashabbusi bilan Qirg‘iziston Respublikasi, Botken viloyatining Laylak tumanidagi “O‘zbek milliy madaniyat markazi” delegasiyasi Rishton tumaniga tashrif buyurdi.
Delegasiya tarkibida “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruv raisi Odiljon Sattarov, “O‘zbekiston” teleradiokanali katta muharriri Bektosh Azimov, Qirg‘iziston Respublikasi, Botken davlat universiteti professori, tarix fanlari nomzodi Abdunabi Qadirov, Botken viloyatining Laylak tumanidagi o‘zbek milliy madaniyat markazi rahbari Anvarjon Razaqberdiyev, Razzoqov shahri deputati Ma’mirjon Uzaqov, Batken viloyati Yozuvchilar uyumasi a’zosi Bobomurod Rahmatullayev va boshqalar bor.
Qirg‘iz delegasiyasi shu kuni Rishton tumanidagi “Mingboshi keramik” oilaviy korxonasida bo‘lib, kulolchilik mahsulotlari bilan tanishdilar. O‘zaro muloqotda qirg‘iz delegasiya vakillari, shuningdek Rishton tuman Nuroniylar kengashi raisi Tursunxo‘ja Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Gʻulom Fathiddin, mehnat faxriysi Yo‘ldoshali Dodoboyevlar so‘zga chiqishib, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik azaldan qadrlanib kelinayotgani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur muloqotda tumanimiz ijodkorlari, shuningdek tumanimizning Yoyilma va Oqtomir qishloqlarida istiqomat qiluvchi qirg‘iz millatiga mansub keksa otaxonlar, tuman faollari ishtirok etdilar.“Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan qirg‘iz delegasiyasiga o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari va milliy cholg‘u asboblari taqdim etildi.
Rishton tuman hokimligi axborot xizmati.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi