Moskvada bugun, 26 dekabr kuni MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo'lib o'tadi, deb xabar bermoqda Kreml matbuot xizmati.

«2017 yilning 26 dekabr kuni Moskvada MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo'lib o'tadi. MDHda 2017 yildagi Rossiya raisligining yakunlari sarhisob qilinishi va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo'yicha fikr almashish rejalashtirilgan», - deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarboyjon rahbari Ilhom Aliyev, Armaniston yetakchisi Serj Sargsyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev, Qirg'iziston yetakchisi Sooronbay Jeenbekov, Moldova rahbari Igor Dodon, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi.

Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashuvda qatnashmaydi. Avvalroq Kreml matbuot xizmati Putin Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotda ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek MDH doirasidagi o'zaro aloqalarni muhokama qilgani haqida xabar bergandi.